Nafas olish, gapirish, yugurish, kulish, qaror qabul qilish - barchasi miyada boshlanadi.
Bizning miyamiz hislar, harakatlar, fikrlar, his-tuyg’ular va hatto xarakterimizni belgilaydi. Genetik moyillik shaxsiy tajriba, tashqi muhit va atrof-muhitning ta’siridan ko’ra kam rol o’ynamaydi. Ma’lumot miyamizga ko’rish, his etish, eshitish yoki ta’m sezish kabi his etish a’zolari orqali kiradi. So’ng uyerda dunyoning o’ziga xos, individual qiyofasi paydo bo’ladi. Vaqtning har bir lahzasida inson miyasida cheksiz miqdordagi ongli va ongsiz jarayonlar sodir bo’ladi. Natijada miyaning o’zi ham o’zgaradi.
Mikroskopiya va diagnostik tasvirlashtirishning boshqa usullaridagi eng muhim yutuqlar bizning miyamiz qanday ishlashini tobora ko’proq ko’rsatib bermoqda. Va shunga qaramasdan, bu g’ayrioddiy murakkab organ olimlar orasida ko’plab savollarni tug’dirishda davom ettirmoqda. Miya tadqiqotlari natijalari nafaqat tibbiyot uchun muhim, balki ular ta’lim, tarbiya va huquqshunoslik kabi ijtimoiy sohalarga ham ta’sir ko’rsatadi.
Bosh miyaning peshona qismi
Bosh miyaning peshona sohasi deb bosh miya poʻstlogʻining butun old qismi ataladi. Bu yerdan ongli harakat, ayniqsa kuchning tezligi, yo’nalishi va rivojlanishi boshqariladi. Ko’plab olimlarning fikriga ko’ra, buyerda shuningdek insonning yuqori ruhiy funksiyalari joylashtirilgan va bosh miyaning peshona qismini “madaniyat tashuvchisi” sifatida tavsiflaydi. Bosh miyaning peshona qismining eng bo’rtib turgan sohasi e’tibor, fikrlash, qaror qabul qilish va rejalashtirish uchun javobgardir, shuningdek, shaxsiyatni shakllantirish joyi hisoblanadi.
Bosh miyaning chakka qismi
Bosh miyaning chakka qismining eng mashhur funksiyasi tovushlarni his etishdir. Eshitish markazlari bosh miya chakka qismining deyarli butun yuzasini egallaydi. Ehtimol, bunday yuqori “hisoblash quvvati” nutq va musiqani his etish uchun talab etiladi. Biroq, bosh miyaning chakka qismi boshqa narsalar uchun ham kerak: hidlash, gapirish, tushunish, tasvirlarni tanib olish va xotirani shakllantirish.
Gippokamp
Gippokamp - bosh miya poʻstlogʻining “o’ralgan” qismi va limbik tizimning markaziy qismidir. U bilim va tajribani saqlash uchun muhim - u mavjud bo’lmasa, siz hech qanday yangi narsani esingizda saqlay olmaysiz. Gippokamp - hayot davomida yangi nerv hujayralari paydo bo’ladigan miyaning bir nechta sohalaridan biridir.
Limbik tizim
Limbik tizim hissiyotlar, hamda mnemonik jarayonlarni yaratish va qayta ishlash uchun zarur bo’lgan bir qator miya tuzilmalarining to’plamidir. Eng muhimlari gippokamp, amigdala (bodomsimon bezlar), belbogʻ pushtasi va paragippokampal pushtadir. Miyaning bu qismlari bir-biri bilan chambarchas bog’liq. Limbik tizim bizning his-tuyg’ularimiz va jinsiy hayotimizni boshqaradi, shuningdek, tashqi dunyo haqidagi ma’lumotlarning ahamiyatini baholaydi.
Gipotalamus
Gipotalamus bola tug’ish, ovqatlanish, termoregulyatsiya va vaqtni aniqlash kabi muhim funksiyalarni nazorat qiladi. Bu nafas olish yoki yurak urishi kabi ongsiz jarayonlarni boshqaradigan vegetativ asab tizimining eng yuqori markazidir. Gipotalamusning orqa qismi limbik tizimga tegishli.
Gipofiz
Gipofiz bezining o’lchami no’xatdek bo’lsa-da, hayotiy ahamiyatga ega. “Bezlar shohi” sifatida u badanning gormonal tizimini belgilaydi. U gipotalamus tomonidan boshqariladi va gormonlarni qon oqimiga chiqaradi. Shunday qilib, u o’sish va bola tug’ish kabi tana funksiyalarini, shuningdek moddalar almashinuvini tartibga soladi.
Kichik miya
Kichikmiya bosh miyaning orqa qismida joylashgan. Bu evolyutsiya jarayonida shakllangan miyaning juda qadimiy qismidir. Nerv hujayralari orasidagi aloqalar bu yerda miyaga qaraganda ancha murakkabroq. Kichikmiya tana va yurish kabi harakatlanish ko’nikmalari, shuningdek, yozish kabi murakkab harakatlanish ko’nikmalarini muvofiqlashtiradi. Kichik o’lchamiga qaramasdan, kichik miya bosh miyaning qolgan qismiga qaraganda to’rt barobar ko’p hujayralarni o’z ichiga oladi.
Miya poyasi
Miya poyasi to’g’ridan-to’g’ri orqa miya bilan bog’langan va miyaning o’ziga xos “texnik markazi” hisoblanadi. Taxminan qo’lning bosh barmog’ining kattaligidagi miya poyasi tanadagi qon aylanishi, nafas olish yoki uyqu kabi ongsiz, hayotiy jarayonlarni boshqaradi va tartibga soladi. Bu rivojlanish jarayonida shakllangan miyaning eng qadimiy qismidir. Shuning uchun bu yerda odamlar va hayvonlar o’rtasidagi farqlar nisbatan kichikdir.
O’zaro munosabatdagi faoliyat - bu hammasi demakdir
Bizning miyamiz doimiy ravishda bir-biri bilan bog’langan milliardlab nerv hujayralarining murakkab tarmog’idir. Nerv hujayralari orasidagi aloqalar doimo qayta tiklanadi yoki uziladi, mustahkamlanadi yoki zaiflashadi. Bu, shuningdek, biz o’rganishimiz mumkin bo’lgan va unutishimiz mumkin bo’lgan asosiy shartdir. Nerv hujayralari dendritlar orqali elektr stimullarini qabul qilib, ularni hujayra tanasiga o’tkazadi. U yerdan ular akson bo’ylab boshqa nerv hujayralariga boradilar. Impulslarning bir hujayradan ikkinchisiga o’tishi sinapslar orqali sodir bo’ladi. Bu yerda elektr impulsi kimyoviy impulsga aylanadi. Miyada 10 000 ta boshqa nerv hujayralaridan signallarni qabul qiluvchi va minglab boshqa nerv hujayralariga signal uzatuvchi nerv hujayralar mavjud.
00:01
00:00
Progressive stream type not supported or the stream has an error
(SOURCE_PROGRESSIVE_STREAM_ERROR)
Miyadagi nerv hujayralari qatlamlarda joylashgan. Bu qatlamlar va ularning ko’p sonli ulanishlari axborotni tezkor qayta ishlash uchun zaruriy shartdir.