Starke Gefühle - Teaserbild © Collage: kocmoc

Kuchli his-tuyg’ular

Tuyg’u deganda neyrobiologlar tashqi qo’zg’ovchilar tomonidan qo’zg’atiladigan va harakat qilish shayligiga olib keladigan ruhiy jarayonlarni tushunadilar.

Tuyg’ular miyaning filogenetik jihatdan qadimiy qismi bo’lgan limbik tizimda paydo bo’ladi. Qo’rquv, jirkanish, hamda quvonch yoki qayg’uni qiyinchilik bilan bostirish mumkin. Va ular juda kuchli bo’lganligi uchun, his-tuyg’ular hayotni juda qiyinlashtirishi mumkin - masalan, depressiya yoki tashvishlardan kelib chiquvchi kasalliklari holatlarida.
Fan uchun his-tuyg’u tadqiqotning murakkab sohasidir. Chunki ular juda individual va ko’pincha ta’riflashda qiyinchiliklar yuzaga keladi. Eng yaxshi o’rganilgan tuyg’u qo’rquvdir. Shaxsiy hissiyotlilik bizning shaxsiyatimizning muhim qismidir. Hayotimizdagi tajribalar va kuchli his-tuyg’ular bilan bog’liq voqealar xotiramizda ayniqsa chuqur saqlanib qoladi: biz birinchi sevgimizni butun umr eslaymiz.

Birinchi muhabbat – faqat kimyomi?
Oshiq bo’lishning hayajonli davrida miya dofamin neyromediatori bilan to’ldiriladi. U bosh miyadagi gormonlarning asosiy manbai bo’lgan gipotalamus tomonidan chiqariladi. Dofamin asosan limbik tizimda ishlaydi, shuningdek, mukofot va eyforiyada muhim rol o’ynaydi. Biz sevib qolganimizda, organizm kamroq stress gormonlarini ishlab chiqaradi, yaralar tezroq bitadi va og’riq kamroq seziladi. Ammo bir payt kelib dofamin darajasi yana tushadi va sevib qolganlik muhabbatga aylanishi mumkin. Oksitotsin endi muhimroq rol o’ynaydi. U gipotalamusda ishlab chiqariladi va gipofiz bezida saqlanadi. Bu gormon tinchlantiradi, tashvish va tajovuzni kamaytiradi, yaqinlik va ishonch hissi paydo bo’lishiga yordam beradi. Tegish oksitotsin va dofamin ishlab chiqarishni rag’batlantiradigan qo’zg’atuvchidir - hatto sevib qolishning dastlabki davri allaqachon tugagan bo’lsa ham.

Qochib ketish kerakmi yoki qolish kerakmi?
Tuyg’ular muayyan xatti-harakatlar modellarini keltirib chiqaradi. Qo’rquv, masalan, organizmni qochishga yoki qarshi kurashishga tayyorlaydi: yurak tezligi va qon bosimi ko’tariladi, mushaklar taranglashadi, diqqatni tahdidga qaratadi. Vaziyatga qarab, bu juda foydali yoki butunlay foydasiz bo’lishi mumkin. Munosib ravishda javob qaytarish uchun shaxsiy his-tuyg’ularni, boshqa odamlarning tashvishari va xatti-harakatlari bilan solishtirish kerak. Bunda bosh miya po’stlog’ining bir qismi bo’lgan orolcha bo’limi muhim rol o’ynaydi. Nadin Gogolla va uning Maks Plank Jamiyati Neyrobiologiya institutidagi tadqiqot guruhi u erda aynan nima sodir bo’layotganini o’rganmoqda. Ko’pincha miya tadqiqotlarida bo’lgani kabi, bu yerda ham olimlar sichqonlar bilan model sifatida ishlaydilar. Bunda ular aniqladilar ki, sichqonlarning ham odamlar kabi yuz ifodalari mavjud bo’lib, ulardan quvonch, jirkanish va qo‘rquv kabi his-tuyg‘ularni xatosiz aniqlash mumkin. Yaqinda ishlab chiqilgan yuz ifodalasining kompyuter tahlilidan foydalanib tadqiqotchilar endi his-tuyg’ularning intensivligi va tabiatini o’lchashlari va ularni miyaning ma’lum bir sohasidagi neyronlarning faolligi bilan solishtirishlari mumkin.

Tuyg’ular jamiyatda
Inson nimani his qilishi - va u buni boshqa odamga qanday ko’rsatishi yoki ko’rsata bilishi - nafaqat ichki holatning ifodasidir, balki jamiyat tomonidan o’zlashtiriladi va belgilanadi. Xo’sh, his-tuyg’ularning tarixi bormi? Hissiyotlar umuman tarix yozishga qodirmi? Ute Frevert va uning Berlindagi Maks Plank nomidagi Jamiyatining Inson taraqqiyoti institutidagi jamoasi bu masalalarda oydinlik kiritish bilan shug’ullanmoqdalar. Zero, qo‘rquv, g‘azab yoki umid kabi tuyg‘ular shuningdek, ijtimoiy-siyosiy jihatdan ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Misol uchun, tadqiqotchilar turli madaniyatlar va zamonlarda uyat, sharmandalik va ommaviy xo’rlashning ahamiyatini o’rganmoqdalar. Bu his-tuyg’ular bugungi kunda ham muhim rol o’ynaydi: deyarli har kuni Internetda yangi sharmandalik maydonchalari paydo bo’ladi. Kiberbulling, ya’ni raqamli texnologiyalardan foydalangan holda ta’qib qilishdan bolalar va yoshlar, ayniqsa,  aziyat chekmoqda. Ko’p madaniyatli jamiyatlarda birga yashash uchun esa hissiyotlarning turli ta’sirlarini bilish katta ahamiyatga ega.

Saundchek – musiqami yoki shovqinmi?
Musiqa haqida gap ketganda, hammaga ma’lum ki, har kimning didi har xil. Biroq, har bir kishi ma’lum bir musiqa asarini yoqtiradimi yoki yo’qmi, darhol aytishi mumkin. Frankfurtdagi Maks Plank Jamiyati empirik estetika instituti tadqiqotchilari inson musiqani go‘zal yoki dahshatli deb qabul qilishi nimaga bog‘liqligini aniqlamoqchi. Buning uchun ular bir paytning o’zida konsert zali ham, laboratoriya ham bo’lgan, tadbirlar o’tkazishga mo’ljallangan ko’p funksiyali maydon - ArtLabdan foydalanadilar. U erda san’atkorlar va 46 tagacha tinglovchilarning tovushlari, mimikalari, imo-ishoralari va turli fiziologik ma’lumotlarini yozib olish va baholash mumkin.
Vokal ansambli xonandalari Frankfurtdagi ArtLab laboratoriyasida mashq qilishmoqda. Bunda, boshqa narsalar qatorida, rassomlarning EEG, EKG va nafas olish tezligi qayd etiladi Vokal ansambli xonandalari Frankfurtdagi ArtLab laboratoriyasida mashq qilishmoqda. Bunda, boshqa narsalar qatorida, rassomlarning EEG, EKG va nafas olish tezligi qayd etiladi. © Maks Plank Jamiyati empirik estetika instituti, Frankfurt / Yorg Baumann

Leypsigdagi Maks Plank Jamiyati olimlari esa, aksincha, pop qo’shig’ini nima muvaffaqiyatli qilishini bilishni istashadi. Musiqa asarining xitga aylanishi faqat so’z yoki ohangga emas, balki akkordlar ketma-ketligiga bog’liq. Ayniqsa mashhur qo’shiqlar oldindan aytib bo’ladigan va kutilmagan akkord ketma-ketligining uyg’unlashuvi bilan ajralib turadi. Chunki shundan keyingina miyada lazzatlanish tizimi ishga tushadi. Bu shunindek, nima uchun “to’g’ri” musiqani tinglashdan so’ng biz darhol o’zinizni yaxshi his qilishimizni tushuntiradi.

Sevgi, qo’rquv, g’azab, qayg’u va quvonch – inson miyasida nima sodir bo’ladi?

Muhabbat
Oshiq bo’lganingizda, miyada mukofot tizimi faollashadi. Dofamin, vazopressin va oksitotsin kabi ko’plab gormonlar ishlab chiqariladi. Limbik tizim bu ijobiy his-tuyg’ularni rivojlantirish uchun juda muhimdir. U dofamin neyrotransmitterini ishlatadigan neyronlardan iborat. Ushbu neyronlarning hujayra tanalari miya poyasida joylashgan bo’lib, amigdala va gippokampga o’tadi va old bosh miyaning pastki qismida qo’shni yadroda - mukofot tizimida tugaydi.

Qo’rquv:
Amigdala (bodomsimon bezlar) bir necha millisekundda biz qo’rquvni his etayotganligimizni aniqlaydi. Yurak tezroq uradi, mushaklar taranglashadi - biz kurashishga yoki qochishga tayyormiz. Amigdala bosh miyaning chakka qismida joylashgan va bosh miya poyasi bilan bog’liq. Shunday qilib, u nafas olish va qon aylanish kabi organizmning avtonom funksiyalariga ta’sir qiladi. Ayniqsa qalin nerv tolalari qalin to’plami adrenalin ishlab chiqarishni qo’zg’atadigan gipotalamusga olib keladi. Amigdala bosh miya katta yarimsharlarining poʻstlogʻining barcha sensor sohalaridan ma’lumot oladi. Bosh miyaning peshona qismi sezgi sensor signallarini allaqachon olingan bilimlar bilan taqqoslaydi va amigdala faoliyatini bostirishi mumkin.

G’azab
Agar biz xafa bo’lsak, ma’lumot birinchi navbatda ko’z va quloqlar orqali oraliq miya uzatiladi, bu esa uni amigdala va  bosh miya katta yarimsharlarining poʻstlogʻining peshona qismiga uzatadi. Ammo agar “hissiyotli” amigdala bu xafalik deb qaror qilsa, u holda “oqilona” bosh miya katta yarimsharlarining poʻstlogʻining hech qanday imkoniyat yo’q: amigdala tezroq harakat qiladi. U gipotalamusni faollashtiradi, adrenalin va noradrenalin kabi stress gormonlari ajralib chiqadi va puls tezlashadi. Limbik tizim g’azabning aniq bo’lishini ta’minlaydi: ovoz, yuz ifodalari va imo-ishoralar uni ifodalaydi.

Qayg’u
Bizni tashlab ketishganida yoki yaqinimiz vafot etganda, biz katta qayg’uni boshdan kechiramiz. Miyada stressga javob paydo bo’ladi. Xarar signalizatsiyasi tizimi - amigdala faollashadi va stress gormoni kortizol chiqariladi. Biroq, qayg’u - bu ongli tuyg’u. U stressni yengishga va yo’qotishlarga dosh berishga yordam beradi. Qayg’uda, bosh miyaning peshona qismida joylashgan miya hududlari faollashadi. Ular yana rohatlanish amalga oshishi uchun amigdalaga ta’sir o’tkazadilar.

Quvonch
Qoniqish, quvonch va baxt bir-biri bilan chambarchas bog’liq. Qoniqish - bu qisman genetikaga va qisman atrof-muhit ta’siriga bog’liq bo’lgan ichki muvozanat holatidir. Bu holat besh yoshdan o’n yoshgacha bo’lgan oralig’da rivojlanadi va hayot davomida asosan o’zgarmasdan qoladi. Biokimyo nuqtai nazaridan, bu jarayonda, xususan, bosh miyaning uchta neyromediatori qatnashadi: serotonin, dofamin va oksitotsin. Baxtning qisqa muddatli eyforiyasi miya tomonidan ishlab chiqarilgan opioidlar kokteylidan, masalan, endorfinlardan kelib chiqadi. Xursandchilikning kelib chiqishi baxtning sifati uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yangi kiyim kabi moddiy narsalar asosan mukofot tizimini faollashtiradi. Bu baxt hissi faqat qisqa muddatlidir. E’tirof etilish va do’stlik kabi ijtimoiy mukofotlar, aksincha, uzoq davom etadigan ta’sirga ega.

Hamkorlik bo’yicha sherik

GI-Logo MPG Logo