© Hipolito Collado
Bizdagi neandertal odam
Afrikalik “zamonaviy odam” Yevropa va Osiyoda yashash uchun joylashganida, u o’sha paytda u yerda yashagan boshqa turdagi odamlarni uchratdi.
Ba’zi hududlarda bu yaqin qarindoshlar uzoq vaqt yonma-yon va birga yashganlar, va tasdiqlanishicha, ularning farzandlari ham bo’lgan. Bu jarayonda homo sapiens, neandertallar va denisovchilardan olgan genlarning ba’zilari juda foydali bo’lib chiqdi va bugungi kungacha saqlanib qolgan.
Ikkita misol: bugungi kunda Evropada har uchinchi ayol neandertallardan kelib chiqqan progesteron gormoni retseptorining genetik shakliga ega. Bu ayollarda chala bola tushishi kamroq bo’ladi, ya’ni o’rtacha ko’proq bola ko’radi. Tibet aholisi Denisovchilardan genlarning maxsus variantini meros qilib olgan. U qondagi gemoglobin miqdorini cheklaydi va shu bilan kislorod miqdori past bo’lgan ekstremal balandliklarda hayotni mumkin qiladi.
Neandertallarning tili
Bugungi kunda olimlar neandertallar ham gapirishni bilishgan deb taxmin qilishmoqda. Hech bo’lmaganda ular buning uchun anatomik shartlarga ega: 60 000 yillik kichik suyakning tahlili shuni ko’rsatadiki, neandertallarning tilosti suyagi zamonaviy odamlarniki bilan bir xil shaklga ega. Va tilning harakatchanligini ta’minlaydigan ko’plab paylar va bug’umlar tilosti suyagiga biriktirilgan. Nutq uchun zarur bo’lgan genlar neandertallarda ham mavjud. Qanday bo’lmasin, neandertallar o’zlarining boshqa turdosh birodarlariga murakkab bilimlarni yetkaza olganlar. Bu borada ularning nozik ishlangan asboblar yasash, olovdan foydalanish yoki yirik hayvonlarni birgalikda ovlash kabi ko‘plab mahoratlari dalolat beradi.
© Sebastian Kaulitski / Alamy dagi zaxiradagi foto
So’zlashishda tilosti suyagining tuzilishi (bu yerda qizil rang bilan ko’rsatilgan) muhim rol o’ynaydi.
Birinchi rassomlar
Uzoq vaqt davomida neandertallar - ehtimol ular Homo sapiens bilan solishtirganda qo’polroq badan tuzilishiga ega bo’lganlari uchun qo’pol va juda aqlli emas deb hisoblangan. Ammo nafaqat “zamonaviy odam” mavhum fikrlashi va san’at asarlarini yaratishi mumkin: 64 000 yil oldin neandertallar zamonaviy Ispaniya hududida g’orlarda rasm chizishgan. Qizil va qora bo’yoq bilan ishlangan bu san’at chiziqlar, nuqtalar, doiralar va qo’l izlaridan iborat. Buning uchun ushbu san’at asarlarini yaratuvchilar yorug’lik manbasini rejalashtirishlari, bo’yoq moddalarini aralashtirishlari va munosib devorni tanlashlari kerak edi. Mavhum fikrlash va san’at asarlari yaratish qobiliyati uzoq vaqt davomida faqat “zamonaviy inson”ga tegishli deb hisoblanardi. Ammo endi biz bilamizki, neandertallar ham buni qila olganlar.
Ispaniyaning g’arbiy qismidagi Maltravieso g’oridagi bu neandertal qo’l iziga taxminan 66 000 yil to’lgan va shu asnoda u Yevropadagi “zamonaviy odamlar” (Homo sapiens)ning eng qadimgi izlaridan kamida 20 000 yil katta.
Yangi qarindosh
2010 yilda barmoq suyagining kichik bir qismi ilmiy shov-shuvga sabab bo’ldi. Yoxannes Krauze va Svante Paabo Leypsigdagi Maks Plank Jamiyati Evolyutsion antropologiya institutida yoshi 70 000 dan 80 000 gacha bo’lgan kichik barmoq suyagi bo’lagidan DNK ketma-ketligini aniqladilar. U asli Sibirning janubidagi Denisov g’oridan bo’lgan. Katta syurpriz: suyagi topilgan qiz hozirda denisovchi odam deb ataluvchi hozirgacha noma’lum odam turiga mansub. 2012-yilda ilg‘or paleogenetik usullar yordamida qizning to‘liq genomi shifri ochilgan. Bu insoniyat tarixini o’rganishda muhim qadamdir. Chunki denisov odami, xuddi neandertal va “zamonaviy odam” kabi, Homo erectusdan kelib chiqqan - va bundan kelib chiqqan holda, ularning eng yaqin qarindoshidir.
© Maks Plank Jamiyati Evolyutsion antropologiya instituti, Leypsig
Denisov g’ori noyob arxeologik inshoot bo’lib chiqdi. Ehtimol, odamlar bu yerda taxminan 280 000 yil oldin yashagan.
Hamkorlik bo’yicha sherik
Sizni shuningdek qiziqtirishi mumkin
© Maks Plank nomidagi Neyrobiologiya instituti, Martinsrid / Folker Shtayger (parcha; Kocmoc kompaniyasi tomonidan qayta ishlangan)